O‘zbekiston Respublikasi gerbi O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi HEMIS OTM Scopus
Surxondaryo viloyati hokimligi boshqaruv apparati to‘g‘risida NIZOM

Viloyat hokimining
2020 yil 18 avgustdagi
409-son qaroriga
1-ilova

 

Surxondaryo viloyati hokimligi boshqaruv apparati to‘g‘risida

nizom

 

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu nizom “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida” 2016 yil 27 apreldagi
123-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2016 yil
22 dekabrdagi PQ-2691-sonli, “Turizm sohasini rivojlantirishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 12 iyuldagi PQ-3129-sonli, “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining investitsiyalarni keng jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish borasidagi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017 yil
28 noyabrdagi PQ-3407-sonli, “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2020 yil
18 fevraldagi PQ-4602-sonli, “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2020 yil 26 martdagi PQ-4653-sonli qarorlariga muvofiq Surxondaryo viloyati hokimligi boshqaruv apparatining (keyingi o‘rinlarda boshqaruv apparati deb ataladi) vazifalari, funksiyalari, huquqlari, mas’uliyatini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Boshqaruv apparati o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga, xalq deputatlari viloyat Kengashining va hokimning hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.

3. Boshqaruv apparati hokimlik faoliyatini axborot-tahliliy, huquqiy, tashkiliy-texnik va moliyaviy-xo‘jalik jihatidan ta’minlaydi, xalq deputatlari viloyat Kengashi majlislarini uning reglamentiga muvofiq tayyorlaydi, xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokimning hujjatlari loyihalarini tayyorlaydi, ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va ijroni muntazam ravishda tekshiradi.

Boshqaruv apparati xalq deputatlari viloyat Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnik va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

4. Boshqaruv apparati o‘z faoliyatini hokim rahbarligida amalga oshiradi.

5. Boshqaruv apparati o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli xizmatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Termiz shahar va tumanlar hokimliklari, shuningdek davlatning boshqa organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

 

II. Boshqaruv apparatining vazifalari va funksiyalari

6. Quyidagilar boshqaruv apparatining vazifalari hisoblanadi:

hokimning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, O‘zbekiston Respublikasining "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi Qonunida va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vakolatlari amalga oshirilishini davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ta’minlash;

viloyatni, Termiz shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarini kompleks tahlil qilish, asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi, tarkibiy va institutsional o‘zgartirishlar, mahalliy byudjetlar ijrosining tizimli monitoringini olib borish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan eng muhim ustuvor vazifalarga muvofiq viloyatni, Termiz shahar va tumanlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

viloyatda, Termiz shahar va tumanlarda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiyalash, iqtisodiyotda, turizm sohasini rivojlantirishda, sanoatda va qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni tizimli joriy etish chora-tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlash;

korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirish, o‘zaro hisob-kitoblar tizimini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ta’minlash, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquqlarini va kafolatlarini ta’minlash yuzasidan hududiy boshqaruv organlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududlar iqtisodiyotiga investitsiyalarni keng jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini samarali tashkil etish va turizmni rivojlantirish;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va boshqa hududiy dasturlar hamda yo‘l xaritalari amalga oshirilishi monitoringini olib borishning samarali tizimini yaratish;

hudud iqtisodiyotining raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’ektlarining eksportdagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni tashkil etish;

qishloq xo‘jaligida islohotlarni va tarkibiy o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari amalga oshirilishi yuzasidan tizimli tahlilni tashkil etish;

aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, hududiy boshqaruv organlarining, boshqa tashkilotlarning yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi turmushi darajasi va sifatini yanada oshirishga doir ishlarini muvofiqlashtirish;

qonuniylikni, huquq-tartibotni va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa ekstremal holatlar oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bajarilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashriflari bo‘yicha qabul qilingan bayonlar hamda Prezident rahbarligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishlarida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish;

harbiy-ma’muriy sektor faoliyatini tashkil etish;

normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, shu jumladan ularning ayrim tarmoqlarga va umuman hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qisqa muddatli va uzoq muddatli ta’sirini kompleks baholash.

7. Boshqaruv apparati o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari bilan hokimlikka yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli xizmatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining apparati va viloyat hokimi topshiriqlari bo‘yicha tegishli tahliliy, ma’lumotnoma, statistik materiallar va takliflarni umumlashtiradi va tayyorlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan, shuningdek xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokim tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni tashkil etadi, ularning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni va nazorat rejalarini ishlab chiqadi;

muammoli masalalarni hal etish hamda viloyatni, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini amalga oshirish yuzasidan takliflar va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda hokimga va uning o‘rinbosarlariga taqdim etadi;

iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning muhim ustuvor vazifalari, davlat dasturlari amalga oshirilishi, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tegishli tadbirlar amalga oshirilishi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari bajarilishi bo‘yicha tegishli tizimlangan ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;

xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalari, hududlarning faollari yig‘ilishlari, hokim va uning o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tkaziladigan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlar o‘tkazilishini ta’minlaydi, qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishini nazorat qiladi;

xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokimlikning komissiyalari hamda boshqa ishchi organlari ishlarini tashkil etadi, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

hokimning mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim va dolzarb masalalari bo‘yicha hisoboti xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan eshitilishini tashkil qiladi;

hokimlikning ish rejasini ishlab chiqadi va uni amalga oshirish choralarini ko‘radi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ko‘rib chiqadi, belgilangan tartibda hududlarda hokimning sayyor qabullarini tashkil etadi;

maxfiylik rejimini, davlat sirlari bo‘lgan ma’lumotlar yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa axborotlarning himoya qilinishini ta’minlaydi;

xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokimlikning faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni belgilangan tartibda xabardor qilishni tashkil etadi.

Boshqaruv apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajaradi.

 

III. Boshqaruv apparatining huquqlari va javobgarligi

8. Boshqaruv apparati o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

hokimlikda ko‘rib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan materiallar hamda ma’lumotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalaridan, Termiz shahar va tumanlar hokimliklaridan, boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda so‘rash va olish;

zarurat bo‘lganda, hokimlikda ko‘rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokimning hujjatlari loyihalarini tayyorlash uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, Termiz shahar va tumanlar hokimliklari rahbarlari va xodimlarini taklif etish, ushbu maqsadlar uchun vaqtinchalik ekspert guruhlari tashkil etish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalaridan, Termiz shahar va tumanlar hokimliklaridan, boshqa tashkilotlardan ular tomonidan kiritilgan xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokimning hujjatlari va qarorlari loyihalarini puxta qayta ishlashni belgilangan tartibda talab qilish;

hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, Termiz shahar va tumanlar hokimliklari, boshqa tashkilotlar rahbarlari va xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi va muhokama qilinishini tashkil etish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, Termiz shahar va tumanlar hokimliklari, boshqa tashkilotlar rahbarlariga tezkorlik bilan hal etishni talab qiladigan hamda boshqaruv apparatiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, Termiz shahar va tumanlar hokimliklari, boshqa tashkilotlarning normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning, xalq deputatlari viloyat Kengashi hujjatlari, hokimning hujjatlari va topshiriqlari, uning o‘rinbosarlari topshiriqlari bajarilishi yuzasidan ishlarini belgilangan tartibda o‘rganish.

 

9. Boshqaruv apparati:

o‘ziga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari apparatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining topshiriqlariga muvofiq takliflar va hujjatlar loyihalari har tomonlama va o‘z vaqtida tayyorlanishi;

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarining, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishining tizimli monitoringi olib borilishi, hokimning ko‘rib chiqishi va qaror qabul qilishini talab etuvchi muammoli masalalarning kelib chiqishi sabablari o‘z vaqtida aniqlanishi va takliflar tayyorlanishi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan viloyat hokimligiga kiritiladigan takliflar va hujjatlar sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishining tashkil etilishi, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi, shuningdek asoslangan xulosalar tayyorlanishi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, xalq deputatlari viloyat Kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar va takliflar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish sifati, shuningdek kiritilgan loyihalar va qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017 yil 11 apreldagi PQ-2881-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" 1999 yil 12 yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomi ta’minlanishi;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, shuningdek hokim va uning o‘rinbosarlari topshiriqlarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi holatining o‘z vaqtida o‘rganilishi uchun javob beradi.

 

IV. Boshqaruv apparatining tuzilmasi

10. Boshqaruv apparatining tuzilmasi hokimning yordamchisi, hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi, hokimning harbiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, tashkiliy-nazorat guruhi, axborot-tahlil guruhi, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhi, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, eksportga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash guruhi, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi kotibi, yuridik xizmat, ishlar boshqarmasi, axborot xizmati, hokim o‘rinbosarlari va uning kotibiyatlaridan iborat bo‘ladi.

Boshqaruv apparatining tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2016 yil
22 dekabrdagi PQ-2691-sonli, “Turizm sohasini rivojlantirishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 12 iyuldagi PQ-3129-sonli, “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining investitsiyalarni keng jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish borasidagi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017 yil
28 noyabrdagi PQ-3407-sonli, “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2020 yil
18 fevraldagi PQ-4602-sonli, “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2020 yil 26 martdagi PQ-4653-sonli qarorlari (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan hududiy davlat boshqaruvi organlari tuzilmasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin) bilan belgilangan.

11. Boshqaruv apparatining ishlari hokim tomonidan tasdiqlanadigan Boshqaruv apparati va xodimlarning funksional vazifalari to‘g‘risidagi Nizomga, ushbu Nizomga, Ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnomaga, tashkiliy-nazorat guruhi, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhi, axborot-tahlil guruhi, yuridik xizmat, ishlar boshqarmasi, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, eksportga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash guruhi, hokim o‘rinbosarlari kotibiyatlari to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq tashkil etiladi.

12. Hokimning o‘rinbosarlari, hokimning yordamchisi, hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi, hokimning harbiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, tashkiliy-nazorat guruhi, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhi, axborot-tahlil guruhi, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi kotibi, yuridik xizmat, ishlar boshqarmasi va axborot xizmati o‘z faoliyatida viloyat hokimiga bo‘ysunadi.

Kotibiyatlar hamda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, eksportga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash guruhi o‘z faoliyatida hokimning tegishli o‘rinbosarlariga bo‘ysunadi.

13. Tashkiliy-nazorat guruhi rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Tashkiliy-kadrlar xizmati bilan kelishgan holda viloyat hokimining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Axborot-tahlil guruhi rahbari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti bilan kelishgan holda viloyat hokimining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhi rahbari, hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi, hokimning harbiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, ishlar boshqarmasi boshqaruvchisi viloyat hokimining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Hokim o‘rinbosarining kotibiyati mudiri va mutaxassislari, shuningdek mutaxassislar hokimning tegishli o‘rinbosari taqdimnomasi bo‘yicha viloyat hokimining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Hokimning yordamchisi va boshqaruv apparatining boshqa xodimlari viloyat hokimining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Yuridik xizmat xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda viloyat hokimining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

14. Tashkiliy-nazorat guruhi, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhi, ishlar boshqarmasi, axborot-tahlil guruhi, yuridik xizmat, hokim o‘rinbosarlarining kotibiyatlari to‘g‘risidagi nizomlar, shuningdek ular xodimlarining, hokim yordamchilarining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo hududiy komissiyasi kotibining, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining funksional vazifalari viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanadi.

 

V. Boshqaruv apparati faoliyatini tashkil etish

15. Boshqaruv apparati ishlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlariga, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari topshiriqlariga, viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlarining topshiriqlariga muvofiq, shuningdek hokimlik, tarkibiy bo‘linmalar, ularning rahbarlari va mutaxassislarining ish rejalari asosida tashkil etiladi.

16. Viloyat hokimi o‘rinbosarlarining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari bilan hokimlikka quyidagi sohalarda yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va “Yo‘l xaritalari”ning samarali, sifatli va natijali amalga oshirilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan:

a) Kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida:

tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari, xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi bo‘yicha monitoring olib borish;

aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, ularning daromadlari o‘sishini va xarid qobiliyatini oshirishni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

aholining alohida qatlamlarini manzilli himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har bir mahalla kesimida o‘rgangan holda, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish choralarini ko‘rish;

faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tiklash va ishlab turgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

tuman va shaharlar iqtisodiyoti o‘sishiga turtki beradigan soha va yo‘nalishlarni belgilash va tadbirkorlikni shu sohalarda rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, hudud iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini kompleks rivojlantirishning asosiy dasturlarining kafolatlangan moliyaviy manbalarini aniqlagan holda tuman, shahar va viloyatning mahalliy byudjeti parametrlari bilan uzviy tarzda ishlab chiqilishini va so‘zsiz amalga oshirishni ta’minlash;

iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralar, qo‘mitalar, tijorat banklarining hududiy tuzilmalari ish faoliyatini muvofiqlashtirish, aholini tadbirkor qilish maqsadida ular bilan tijorat banklari o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun har bir xonadonga kompleks bank va moliyaviy xizmatlarni taklif qilish orqali imtiyozli kreditlash dasturlarini ishlab chiqish va so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining, Termiz shahar va tumanlar hokimliklarining, boshqa tashkilotlarning, birinchi navbatda, eksport tuzilmasida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ulushini yanada ko‘paytirish hisobiga eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha mintaqaviy dasturlarni amalga oshirishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish;

mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish va ularni jahon hamda mintaqa bozorlariga kiritish, mahalliy mahsulotlarni eksport qilishning ko‘paytirilishini rag‘batlantirish va mahsulotlarning tarkibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ishlab chiqarish kuchlarini maqbul joylashtirish va yangi ish o‘rinlari tashkil etish hisobiga band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlarni ishga joylashtirishni ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish;

qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, ularning moddiy va kredit resurslaridan foydalanishini kengaytirish, xususiy mulkning manfaatlarini, tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquqlari va kafolatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda ularga zamonaviy hisob-kitoblarni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish;

inson manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa aholining qishloq joylarda hayot darajasini va sifatini oshirish, yanada farovon hayot kechirishi uchun pensiya va nafaqalar, real daromadlarni barqaror oshirish manbalarini yaratish, zamonaviy bank va moliya infratuzilmasini yaratish hisobiga naqd pul to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishning yangi mexanizmi va tizimini joriy qilishni tashkil qilish;

aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini doimiy uzluksiz ta’minlash, ayniqsa kuz-qish mavsumida oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasini yaratish borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash;

davlat organlarida, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash, shuningdek pochta va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish, axborot faoliyati, arxiv ishi, intellektual mulk ob’ektlariga huquqlarni huquqiy muhofaza va himoya qilish samaradorligini oshirish;

iste’mol tovarlari, aholini iste’mol tovarlari va pulli xizmatlar bilan ta’minlash bo‘yicha marketing tadqiqotlari yuzasidan bozorlar, yarmarka va ko‘rgazmalar faoliyatini muvofiqlashtirish;

chakana va ulgurji savdoni, pulli xizmatlar ko‘rsatish sohasini tashkil etish tizimini takomillashtirish, savdoni tashkil etish va xizmatlar ko‘rsatishning yangi shakllari va usullarini keng joriy etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek savdo va xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

b) sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaligi sohasida:

viloyatda standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish sohasida yagona davlat siyosati o‘tkazilishini tashkil etish, xalqaro standartlarni qo‘llash, shu jumladan sifatni boshqarish tizimi bo‘yicha mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshliligini oshirish;

shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, tumanlar markazlari va Termiz shaharning bosh rejalarini ishlab chiqish va qishloq aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan ta’minlash ishlarini tashkil etish;

kapital qurilishda islohotlarni amalga oshirish, loyihalashning zamonaviy uslublarini joriy etish, pudrat ishlari bozorini shakllantirish, pudratchi tashkilotlar va qurilish industriyasi korxonalarining ishlab chiqarish hamda iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish;

manzilli qurilish dasturiga kiritilgan ob’ektlar hamda “Obod mahalla” va “Obod qishloq” Dasturlariga muvofiq tanlangan massivlarda olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini nazorat qilish, qishloqda zamonaviy loyihalar asosida uy-joy qurish ob’ektlarining hamda infratuzilma va ijtimoiy soha ob’ektlarining o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini ta’minlash;

muhandislik va yo‘l-transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

aholiga transport va aloqa xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligini tashkil etishni ta’minlash;

kommunal sohani isloh qilish, ko‘rsatilayotgan uy-joy-kommunal xizmatlar darajasi va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi tegishli loyihalarda ishlarning borishini nazorat qilish;

aholini sifatli ichimlik suv bilan va sanitariya jihatidan tozalash tizimi bilan ta’minlash;

aholi punktlarini obodonlashtirish, kommunal xo‘jaligini rivojlantirish;

viloyat, tumanlar markazlari, qishloqlar va aholi punktlarini obodonlashtirish, iste’molchilarga sanitar tozalash xizmati ko‘rsatilishi va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish;

qishloq aholisining toza ichimlik suvi va tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash choralarini ko‘rish;

v) qishloq va suv xo‘jaligi sohasida:

qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, sohada xususiy sektorni va fermerlik harakatini rivojlantirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tarkibiy o‘zgartirishni ta’minlash;

dehqonchilik va agrotexnologiyalarning ilg‘or usullarini joriy etish chora-tadbirlarini ko‘rish, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga bozor tamoyillari va mexanizmlari asosida xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlar, bo‘g‘inlar va tuzilmalarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

suv resurslaridan oqilona foydalanish va ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish va suv iste’molining bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish ishlarining va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlarining bajarilishini muvofiqlashtirish;

qishloq xo‘jaligini, suv xo‘jaligini va o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish hududiy dasturlarini ishlab chiqish ishlarini tashkil etish, ushbu sohalarga tashqi va mahalliy investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlarini ko‘rish;

chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilikni rivojlantirish hamda ularning ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik ishlarini rivojlantirish, hayvonlarni sun’iy urug‘lantirish xizmatlarini kengaytirish, zooveterinariya xizmati ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirish ishlarini tashkil etish;

ipakchilikning ozuqa bazasini kengaytirish va mustahkamlash, yuqori mahsuldor tut ipak qurtini yetishtirish, tirik pilla yetishtirishni ko‘paytirish;

meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik va uzumchilik sohasini rivojlantirishni tashkil etish;

tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularning saqlanishi ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash, saqlash, dastlabki qayta ishlash korxonalarini tashkil etish va mahsulotlarni eksport qilish, shuningdek qishloqda ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi ob’ektlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

g) yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar sohasida:

“Yoshlar-kelajagimiz” davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishini tashkil etish;

har tomonlama kamol topgan, qat’iy e’tiqodga va qarashlarga ega bo‘lgan, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek yoshlarni turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish;

yosh avlodning huquqiy savodxonligini va ijtimoiy faolligini oshirishga, shuningdek yoshlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olishga yo‘naltirilgan ishlarni tashkil etish;

yoshlarning ish bilan bandligi, ularni kichik va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, shuningdek yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini hal qilish;

iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish;

uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash jarayonini tashkil etish, ta’lim jarayoniga xalqaro normalar va talablarga javob beradigan ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ta’lim standartlarini joriy etish ishlarini amalga oshirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ularni zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash hamda shu asosda ta’lim tizimini isloh qilish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, uning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, hayot va mehnat faoliyati, malakali tibbiy yordam olish, madaniy meroslardan bahramand bo‘lish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, dam olishini tashkil etish uchun qulay tashkiliy-huquqiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni yaratish hamda sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholiga yuqori malakali tibbiy yordamni ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash va kadrlar salohiyatini oshirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirish;

aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish, rivojlanish nuqsoni bo‘lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish sifatini oshirish, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli qatnashishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

aholini dori vositalari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minot darajasini oshirish, mahalliy farmasevtika sanoatiga investitsiyalar kiritish uchun chet el yetakchi kompaniyalari va investorlarini jalb qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;

sport sohasida olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, sportni ommaviyligini oshirish, qizlar o‘rtasida sportni rivojlantirish, barcha hududlar, ayniqsa eng chekka qishloqlarda xalqaro talablarga javob beradigan moddiy-texnik bazaga ega zamonaviy sport inshootlarini barpo etish bo‘yicha takliflar berish;

aholi o‘rtasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlari ahamiyatining targ‘ibot va tashviqotini tashkil qilish;

aholining ma’naviy muammo va ehtiyojlarini o‘rganib borish asosida hududda ma’naviy muhit sog‘lomligini ta’minlash, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar barcha tashkilotlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini muvofiqlashtirish;

aholining ma’naviy-axloqiy, diniy-ma’rifiy, madaniy saviyasini oshirish va uning doimiy ravishda o‘sib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy merosni, urf-odat va qadriyatlarni saqlash, targ‘ib qilish;

hududda jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, odamlarni hushyorlik va ogohlikka da’vat etish, yoshlarda yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirishga qaratilgan samarali targ‘ibot tizimini yo‘lga qo‘yish;

ommaviy tadbirlarni tayyorlash va tashkil etish masalalarini muvofiqlashtirish, ommaviy tadbirlarni o‘tkazishning belgilangan tartibiga rioya etish yuzasidan nazoratni ta’minlash;

demokratik o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhitning barqarorligini mustahkamlash, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda mahalla institutining roli va ahamiyatini kuchaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari oldida turgan, shu jumladan yoshlarni ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, kasbga yo‘naltirish, kichik va xususiy tadbirkorlikni, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini tashkil etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, ijtimoiy masalalarni hal etishda mahalla institutining ahamiyati to‘g‘risida aholini, ayniqsa yoshlarni keng xabardor qilish, shuningdek eng avvalo, kamol topayotgan avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, keksalarga va aholining ijtimoiy nochor qatlamlariga manzilli yordam berish, ish bilan ta’minlash, odamlarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash va hududlarni obodonlashtirishda mahallalarning faoliyatini har tomonlama yoritish bo‘yicha tizimli ishlarni ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda tashkil etish;

madaniyat va san’atni rivojlantirish, milliy madaniy va ma’naviy merosni ehtiyotlab asrash va ko‘paytirish, aholining madaniy saviyasini oshirish va uning doimiy ravishda o‘sib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini ta’minlash, yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish, shuningdek madaniyat, bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning faoliyati samaradorligini oshirishni muvofiqlashtirish va takliflar ishlab chiqish;

d) investitsiyalar va tashqi savdoni rivojlantirish sohasida:

viloyatga chet el investitsiyalarini jalb qilish, hududdagi investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;

investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy zonalari tashkil etish masalalari bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralar, qo‘mitalar, tijorat banklarining hududiy tuzilmalari ish faoliyatini muvofiqlashtirish;

chet el investitsiyalarini jalb qilish va viloyatda investitsiya faoliyatini kengaytirish uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish sohasida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

investitsiyalarni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni moliyaviy mablag‘ hamda zamonaviy texnologiyalar shaklida jalb qilish;

hududiy investitsiya dasturlari amalga oshirilishini, respublika iqtisodiyotini rivojlantirishning o‘rtacha va uzoq muddatli dasturlariga kiritilgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;

xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va korxonalarning ustav kapitallaridagi davlat ulushi va aktivlarini xususiy investorlarga, shu jumladan, xorijiy investorlarga sotish hisobiga viloyat iqtisodiyotida xususiy mulkning darajasi va rolini oshirishni ta’minlash;

bo‘sh turgan davlat ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazishda ishtirok etish;

samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlar va ishlab chiqarish maydonlari negizida tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi jarayonlarni tahlil qilish va ularni rivojlantirish;

viloyatning yillik Investitsiya dasturlarini, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi loyihalarni shakllantirishda qatnashish va monitoringini amalga oshirish, chet el investitsiyalari, kreditlar va moliyaviy-texnik ko‘maklashish vositalarini jalb qilish uchun investitsiyaviy takliflar yagona bazasini yuritish;

viloyatning chet davlatlar, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy institutlar, xorijiy banklar, fondlar, agentliklar, kompaniyalar va xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli asosda investitsiyaviy hamkorligi yo‘nalishlarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

iqtisodiyotda va ijtimoiy sohada ilmiy va texnologik salohiyatni, innovatsion texnologiyalarni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning, amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalarning darajasi, sifati va samaradorligini oshirish, ularning natijalaridan amalda keng foydalanishni tashkil etish;

viloyatning iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari konsepsiyasini, shu jumladan eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish;

tumanga (shaharga) bo‘ysunuvchi korxonalarning eksport prognozi ijro etilishi holati bo‘yicha monitoring olib borish, buning asosida ularning eksport faoliyatini tahlil qilish va korxonalar eksportini jadallashtirish va rag‘batlantirish bo‘yicha aniq taklif va ko‘rsatmalar kiritish;

tumanlar (shaharlar) korxonalarining eksport salohiyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari hamda ishlab chiqaruvchilar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish;

ye) turizmni rivojlantirish sohasida:

hududda turizm sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, soha bo‘yicha qabul qilingan konsepsiya va dasturlarning ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni belgilash;

turizm sohasida mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta’minlash;

turistlar (ekskursantlar)ga tegishli hududlardagi turistik resurslardan samarali foydalanish, shuningdek tibbiy, huquqiy va boshqa turdagi favqulodda yordam olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

turizm sohasida turli tadbirlar (festivallar, sayillar, teatrlashtirilgan tomoshalar, ko‘rgazmalar, anjumanlar)ni tashkil etish;

chet el mamlakatlari bilan turizm sohasida, ayniqsa, turistlar oqimini ko‘paytirish hamda ularni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik va kelishuvlarni vakolatli organlar bilan birgalikda amalga oshirish;

turizm sohasining iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlardagi infratuzilmasini takomillashtirish va turizm yo‘nalishidagi diqqatga sazovor joylar, ularning holatini yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda amalga oshirilishini ta’minlash;

qo‘shimcha sayyohlik tashrif ob’ektlari, ko‘ngilochar komplekslar barpo etish choralarini ko‘rish, madaniy meros ob’ektlarida xalqimizning tarixi, turmush tarzi, urf-odatlari va an’analarini o‘zida aks ettirgan ekspozitsiyalarni tashkil etish;

turizmni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish hamda turizm sohasidagi loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish;

turizm sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini jalb etish, xorijiy turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish orqali respublikaning mavjud sayyohlik salohiyatini keng yoritish choralarini ko‘rish;

turizm sohasida tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, turizm xizmatlarini eksport qilish dasturlarini ishlab chiqish, chet mamlakatlardagi turizm markazlarida narx kon’yunkturasini o‘rganib tahlil qilib borish, yangi turdagi xizmat va mahsulotlarni o‘zlashtirish hamda ularni eksport qilinishini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta’minlash;

yurtimizda va chet el mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan milliy va xalqaro turizm yarmarkalarida muntazam ravishda faol ishtirok etish yo‘li bilan hududning ijobiy qiyofasini shakllantirish;

hududlarda turizm axborot markazlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishini ta’minlash;

j) jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar sohasida:

mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq ijtimoiy va diniy masalalarni hal etishda yagona siyosat olib borish;

davlat organlarining viloyatda joylashgan jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi va hamkorligini ta’minlash;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilotlarning manfaatlarini hisobga olish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish;

davlat organlarining jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan o‘zaro harakatlarini muvofiqlashtirish hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish;

"Haj" va "Umra" tadbirlarini o‘tkazishda mahalliy davlat, jamoatchilik va diniy tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

ma’naviy va milliy qadriyatlarga, xalqimizning diniy e’tiqodlari va urf-odatlariga qarshi yo‘naltirilgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish, yot g‘oyalarni tarqatishga qarshi kurash olib borish tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlash;

millatlararo totuvlikni va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda davlat organlarining jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan hamkorligini muvofiqlashtirish;

millatlararo do‘stlik prinsiplarini qaror toptirishga, millatlararo munosabatlar madaniyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan jamoatchilik tashabbuslarini rag‘batlantirish, muvofiqlashtirish va taqdirlash chora-tadbirlarini ko‘rish;

Davlat hokimiyati mahalliy organlarining nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligini tashkil etish, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarni hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga jalb etishga ko‘maklashish;

z) mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash sohasida:

ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam ta’minlangan toifadagi fuqarolar uchun arzonlashtirilgan turar joylarni qurish;

aholining ijtimoiy muhofaza qilinishini ta’minlashga, qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishini ta’minlash to‘g‘risidagi shikoyat va murojaatlarini ko‘rib chiqish;

mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari bilan birgalikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlash, oilalarga nafaqalar belgilashda ijtimoiy adolatni ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirishida har tomonlama amaliy va metodik yordam ko‘rsatishni tashkil etish;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turarjoylar, maqsadli kommunal uy-joy fondidagi uylardan yoki vaqtincha foydalanilmayotgan, davlat mulki bo‘lgan yotoqxonalardagi, uy-joylardagi hamda ko‘p kvartirali uylardagi bo‘sh turgan kvartiralardan berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash;

xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash;

mehnatga layoqatli va ishlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarning ro‘yxatini shakllantirish va doimiy yangilab borish;

xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasiga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini, shuningdek, xotin qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yangi kasbiy ko‘nikmalarni o‘rganish imkonini beradigan boshqa kurslarni tashkil etish;

xotin-qizlarga uzoq muddatli va imtiyozli kreditlar ajratish;

mahallalarda bo‘sh turgan binolarni xatlovdan o‘tkazish, tegishli mahallalarda istiqomat qilayotgan oilalarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ulardan maqsadli foydalanish;

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bo‘yicha mahalliy komissiyalar faoliyatini tashkil etish;

tomorqa yerlardan samarali foydalanish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini o‘tkazish;

tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun aholiga kreditlar, subsidiyalar va qo‘llab-quvvatlashning boshqa shakllarini olishda amaliy yordam ko‘rsatish;

tomorqa xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini rasmiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish;

huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha hududiy dasturlarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;

jinoyatchilik, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashishga jamoatchilikni keng jalb etish ishlarini tashkil qilish yo‘li bilan qonun ustuvorligini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlari bilan birgalikda fuqarolar orasida jinoyatchilikni va huquqbuzarliklarning oldini olish, shu jumladan ularni huquqiy madaniyatini oshirish va ma’naviy-axloqiy boyliklarini mustahkamlash yo‘li orqali samarali tashkil etish;

“Xavfsiz mahalla” dasturini bajarilishiga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

oilani mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish, tug‘ilish va nikohni o‘z vaqtida qayd etish, targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

nizoli vaziyatlar, shu jumladan oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni o‘z vaqtida aniqlanishini, bartaraf etilishini va oldi olinishini ta’minlash, ularning oqibatlarini, shuningdek, bunday turdagi xatti-harakatlar sodir etilishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

og‘ir ijtimoiy ahvoldagi shaxslarga, birinchi navbatda, oilaviy nizolarni hal qilish orqali ta’sirchan yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq maqsadli ishlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan kompleks dasturlarini tasdiqlash;

jamiyatda oilaviy-maishiy sabablarga ko‘ra sodir etilgan zo‘rlik ishlatishning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabat muhitini shakllantirish maqsadida nizoli vaziyatlarning, shu jumladan oiladagi nizoli vaziyatlarning erta oldini olish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini tashkil etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga amaliy yordam ko‘rsatish;

sog‘lom turmush tarzini yuritish uchun aholining infratuzilma va ob’ektlarga ehtiyojlarini o‘rganish va tahlil qilish;

qurilish uchun rejalashtirilgan tegishli ob’ektlar va infratuzilmalar ro‘yxatini shakllantirish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari bilan ularni qurish va ishlatish bo‘yicha loyihalarni, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish yuzasidan maslahatlashuvlar va muzokaralar o‘tkazish;

piyodalar va velosiped yo‘llarini hamda sog‘lom turmush tarzini yuritish uchun boshqa ob’ektlarni qurish ishlarini ta’minlash;

fuqarolar yig‘inlari ishlarini tizimli tahlil qilish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati sohasida qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeini yuksaltirish;

“Zamonaviy mahalla” loyihasiga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun binolar qurilishini ta’minlash;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari oldida turgan, shu jumladan yoshlarni ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, kasbga yo‘naltirish, kichik va xususiy tadbirkorlikni, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi vazifalarni samarali bajarishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

yolg‘iz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga moddiy ko‘maklashish;

keksa avlod vakillarining ishtirokida o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ularning ongiga singdirish hamda yuksak ma’naviyatli va sadoqatli qilib voyaga yetkazish maqsadida chora-tadbirlarni o‘tkazish;

jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o‘rnatish.

 

17. Viloyat hokimining yordamchisi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bevosita hokimga yo‘llangan yozma topshiriqlari to‘g‘risida o‘z vaqtida axborot berilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta’minlaydi va hokimning rezolyusiyasiga muvofiq uning ijrosini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlari bajarilishini nazorat qilish va tahlil etishni ta’minlaydi, topshiriqlarning bajarilishi va natijalari to‘g‘risida hokimga axborot beradi;

viloyat hokimining joriy ish rejalarini shakllantirishda ishtirok etadi va ularning ijrosini tashkil qiladi;

viloyat hokimining nomiga tushgan xat-xabarlarni tahlil qiladi, puxta ekspertizadan o‘tkazadi, zaruriyat bo‘lganda, boshqaruv apparatining tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda tegishli topshiriqlarni (fishkalarni) tayyorlaydi, tegishli materiallar haqida viloyat hokimiga axborot beradi va imzolangan topshiriqlarning belgilangan tartibda ijrochilarga yuborilishini tashkil etadi;

jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining viloyat hokimi tomonidan qabul qilinishini tashkil etadi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning og‘zaki, yozma va elektron murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlaydi;

viloyat hokimi tomonidan yuklangan va funksional vazifalarda nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni belgilangan tartibda amalga oshiradi.

 

18. Surxondaryo viloyati hokimining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi

Respublika import hajmi va nomenklaturasini chuqur tahlil qilish asosida hamda viloyat hududidagi mavjud resurslarni hisobga olgan holda hududda mahalliylashtiriladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallarning aniq ro‘yxatini shakllantiradi;

xorijiy kompaniyalar va tashkilotlarning takliflari va salohiyatini o‘rganish asosida import o‘rnini bosadigan mahsulotlarning eng ko‘p talab qilinadigan turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha xorijiy sheriklarni sanoat kooperatsiyasiga keng jalb etishga doir takliflar ishlab chiqadi;

hududiy mahalliylashtirish dasturlari loyihalarini shakllantirish, ularning amalga oshirilishini tashkil etishda, shuningdek hamkorlar topish, uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda loyiha tashabbuskorlariga doimiy ravishda amaliy yordam ko‘rsatadi;

hududiy mahalliylashtirish dasturidagi loyihalarda belgilangan maqsadli parametrlarga erishishning tizimli monitoringini olib boradi;

hududda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining hajmi va texnik parametrlari yuzasidan axborotlarni elektron kooperatsiya portaliga joylashtirib va yangilab boradi;

hududdagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining turlari, texnik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berish orqali hududiy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish va muntazam ravishda hududiy sanoat yarmarkalarini tashkil etadi.

 

19. Tashkiliy-nazorat guruhi:

ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, shuningdek xalq deputatlari viloyat Kengashi va viloyat hokimining hujjatlari bajarilishi holatini o‘rganish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

axborot-tahlil guruhi bilan birgalikda belgilangan tartibda hokimlik ish rejasi loyihasini shakllantiradi, uning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;

boshqaruv apparati rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ularni rag‘batlantirish va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi takliflarni hokimning ko‘rib chiqishi uchun belgilangan tartibda kiritadi;

tasdiqlangan lavozimlar nomenklaturasiga muvofiq kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, mutaxassislarni tayinlash va lavozimidan ozod qilish chora-tadbirlari kompleksini amalga oshiradi, ko‘rib chiqilayotgan nomzodlarni har tomonlama o‘rganishni va ular bo‘yicha ishonchli materiallar tayyorlanishini ta’minlaydi;

kelgusida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish uchun boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish ishlarini tashkil etadi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqaruv kadrlari faoliyatining tizimli monitoringini olib boradi;

boshqaruv kadrlarini hisobga olish, ularning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini shakllantirish va yuritish ishlarini tashkil qiladi;

zaxiraga kiritilgan boshqaruv kadrlarining kasbiy bilimlarini doimiy takomillashtirish, malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayonini tashkil qiladi;

viloyat hokimining mutasaddilik qiladigan o‘rinbosarlari bilan birgalikda hokimlik apparati kadrlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy bo‘linmalarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqaruv kadrlari va ularning zaxirasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirishni va doimiy yangilab borishni ta’minlaydi;

tashkiliy-kadrlar masalalari bo‘yicha hokimning qarorlari va boshqa huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, hokim rahbarligida o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, majlislar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish chora-tadbirlarini ko‘radi;

davlat mukofotlariga tavsiya etishga oid hujjatlarni yuritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari saylovlarini, O‘zbekiston Respublikasi referendumlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tegishli saylov komissiyalariga yordam ko‘rsatadi;

xalq deputatlari viloyat Kengashining, uning komissiyalarining va boshqa ishchi organlarning faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlaydi, deputatlarga ularning o‘z vakolatlarini amalga oshirishda ko‘maklashadi;

mahalla yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovlarini tashkil etish va o‘tkazishda hududiy davlat organlariga ko‘maklashadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

Tashkiliy-nazorat guruhi to‘g‘risidagi Nizomga va viloyat hokimining qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

20. Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhi

qonun hujjatlariga muvofiq huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha hokimlikka yuklangan vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

jamoat tartibiga rioya etishni, fuqarolar xavfsizligini, ularning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishni, huquqbuzarliklarning oldini olishni ta’minlash, pasport-viza rejimiga rioya qilish, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida muvofiqlashtiradi;

huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etgan shaxslar bilan ishlash masalalarida huquqni muhofaza qilish va davlatning boshqa organlari hamda nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni ta’minlaydi;

huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;

jinoyatchilik, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashishga jamoatchilikni keng jalb etish ishlarini tashkil qilish yo‘li bilan qonun ustuvorligini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

davlat strategik va safarbarlik zaxiralarini shakllantirishni, shu jumladan, ularni to‘plash, saqlash va yangilab borishni, shuningdek davlat strategik va safarbarlik zaxiralaridan belgilangan tartibda tezkorlik bilan foydalanishga doimiy tayyor bo‘lishni ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish, chegaralar yaqinidagi muammolarni hal etish, nolegal migratsiyaga qarshi kurashish, respublika hududiga tovarlar va kontrafakt mahsulotlarni noqonuniy olib kirish masalalari bilan bog‘liq tadbirlar belgilangan tartibda amalga oshirilishini tashkil etadi;

harbiy-ma’muriy sektor a’zolari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik Kengashining mintaqaviy bo‘linmasi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va ta’lim muassasalari bilan hududlarda joylashgan Qurolli Kuchlarning harbiy qismlari va muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlaydi;

Qurolli Kuchlar tasarrufidagi harbiy qismlar va muassasalarga maishiy-turmush, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik sohalaridagi mavjud muammolarni hal etishda, jumladan, harbiy shaharcha va poligonlar infratuzilmasini takomillashtirishda amaliy yordam ko‘rsatadi;

mudofaa qudratini ta’minlash, harbiy xizmatga majbur shaxslarni hisobga olish chora-tadbirlarini amalga oshirish, bronga qo‘yish masalalari bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tugatish, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa ekstremal holatlarda tegishli organlarning ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish masalalari bilan shug‘ullanadi;

huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhi to‘g‘risidagi Nizomga va hokimning qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

21. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo hududiy komissiyasi kotibining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 14 martdagi PQ-2833-son qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom” talablariga muvofiq tashkil etiladi.

Viloyat hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo hududiy komissiyasi kotibi bevosita viloyat hokimiga bo‘ysunadi.

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo hududiy komissiya to‘g‘risidagi Nizomga va hokimning qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

22. Yuridik xizmat:

Yuridik xizmatning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risidagi nizom” talablariga muvofiq tashkil etiladi. Yuridik xizmat boshlig‘i bevosita viloyat hokimiga bo‘ysunadi.

Viloyat hokimligining huquqni qo‘llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashni tashkil etadi;

viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib boradi;

viloyat hokimligining qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida ularning tuzilmalari ishini muvofiqlashtiradi;

viloyat hokimligi xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va ahamiyatini, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali yetkazishda ishtirok etadi;

shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritish, viloyat hokimligining mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘radi.

 

23. Axborot-tahlil guruhi:

hokimlikning ish rejasi bajarilishi monitoringini tashkil etadi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

ekspertiza natijalari bo‘yicha hujjatlar loyihalari haqida hokimga axborot beradi, viloyat hokimi tomonidan imzolangan hujjatlarga viza qo‘yadi va ularning chiqarilishini tashkil etadi;

hokim tomonidan o‘tkaziladigan majlislarda, shu jumladan har haftalik apparat yig‘ilishlari va turli komissiyalarning kun tartibi loyihalarini shakllantiradi, hokimga tasdiqlatadi va tegishli hujjatlar tayyorlanishini ta’minlaydi;

viloyat hokimi tomonidan o‘tkaziladigan majlislarni tashkil etadi, topshiriqlarni umumlashtiradi, ularning bajarilishini nazorat qiladi, hokimni ularning bajarilishi va natijalari to‘g‘risida belgilangan muddatlarda xabardor qiladi;

Hududlar darajasidagi majlis va yig‘ilishlarni o‘tkazishni faqatgina «Ijro.gov.uz» tizimidagi majlislar va yig‘ilishlar maxsus markazlashgan ma’lumotlar bazasiga o‘tkazilayotgan tadbirning maqsadi, natijalari, ishtirokchilar tarkibi va davomiyligi ko‘rsatilgan qaydlar kiritilganidan so‘ng amalga oshiradi.

boshqaruv apparatining tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda viloyat hokimining ko‘rib chiqishi uchun axborot-ma’lumotnoma va boshqa materiallarni, shuningdek viloyat hokimining ma’ruzalari va nutqlarini tayyorlaydi;

xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda viloyat hokimning hujjatlari loyihalarini ekspertizadan o‘tkazishni tashkil etish va sifatli tayyorlash bo‘yicha viloyat hokimining o‘rinbosarlari bilan o‘zaro mustahkam hamkorlik qiladi;

xalq deputatlari viloyat Kengashining va hokimlikning faoliyati masalalari yuzasidan jamoatchilik fikrini hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari nuqtai nazarini o‘rganish bo‘yicha tahliliy ishlarni amalga oshiradi, hokimlik rahbariyatiga axborot berish uchun matbuotda e’lon qilingan dolzarb materiallar sharhlarini tayyorlaydi;

ommaviy axborot vositalari bilan axborot-ma’lumotnomalarni e’lon qilish ishlarini amalga oshirish uchun xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokimlik faoliyati to‘g‘risidagi tahliliy, statistik va boshqa materiallar ma’lumotlarining tizimlashtirilgan bankini tashkil qiladi;

Axborot-tahlil guruhi to‘g‘risidagi Nizomga va hokimning qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

24. Ishlar boshqarmasi:

hokimlik boshqaruv apparati faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlashni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yo‘li bilan ishlar sifatini yaxshilashni amalga oshiradi;

tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ish yuritish va arxiv ishlarini tashkil etishni ta’minlaydi, tushadigan xat-xabarlarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobga olish, taqsimlash va mansubligiga ko‘ra yuborishni, chiquvchi xat-xabarlarni qabul qilish va jo‘natishni tashkil qiladi;

xalq deputatlari viloyat Kengashi va hokimning hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobga olish, rasmiylashtirish, ko‘paytirishni va shu jumladan elektron pochta orqali jo‘natishni ta’minlaydi;

viloyat hokimining yordamchisi va viloyat hokimi o‘rinbosarlarining kotibiyatlari bilan birgalikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqishni tashkil qiladi;

boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalariga va boshqa yig‘ilishlarga texnik xizmat ko‘rsatishni tashkil qiladi;

hokimlikning faoliyatini moliyaviy-xo‘jalik va moddiy-texnik ta’minlashni tashkil qiladi, hokimlik xodimlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish tadbirlarini amalga oshiradi, moliya intizomiga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;

maxfiylik rejimini va davlat sirlari hisoblanadigan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni himoya qilishni ta’minlaydi;

Ishlar boshqarmasi to‘g‘risidagi Nizomga va viloyat hokimning qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

25. Viloyat hokimi o‘rinbosarining kotibiyati:

o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosari ishlarini tashkil qiladi;

xalq deputatlari viloyat Kengashiga kiritiladigan masalalar bo‘yicha hokimning hujjatlari loyihalarini ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi, qabul qilingan hujjatlarning bajarilishini nazorat qiladi;

tizimli monitoring tashkil etilishini va tegishli tarmoqlar hamda sohalarda iqtisodiy islohotlarning holati va natijadorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar banki shakllantirilishini, shuningdek muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar va yo‘l xaritalari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini, tarmoqlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalari amalga oshirilishini ta’minlaydi;

viloyat hokimi va yoki uning o‘rinbosari tomonidan o‘tkaziladigan majlislar, shu jumladan har haftalik apparat yig‘ilishlari va turli komissiyalar majlislari materiallari tayyorlanishini va ularda qabul qilingan qarorlar rasmiylashtirilishini ta’minlaydi;

viloyat hokimining qabul qilingan qaror, farmoyishlari, yig‘ilish bayonlarining majmuaga taalluqliligi bo‘yicha bandlarining bajarilishini tahlil qilib, ijrosini tashkil etadi;

Viloyat hokim o‘rinbosari kotibiyati to‘g‘risidagi Nizomga va viloyat hokimning qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

26. Tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, eksportga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash guruhi:

biznesni yuritish, shu jumladan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, yer uchastkalari berish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish va shu kabilar bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning tadqiqotlari doirasida baholanadigan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda joriy etilishi monitoringini olib boradi va chuqur tahlil qiladi;

davlat xizmatlari markazlarining va davlat xizmati ko‘rsatuvchi boshqa vakolatli organlarning faoliyatini, shuningdek davlat organlari bilan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning bevosita aloqasiz shakllarini joriy etishning holatini tahlil qiladi;

ishbilarmonlik muhiti indikatorlarini baholash va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari asosida tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risidagi tahliliy materiallarni tayyorlaydi va keyinchalik ularni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga kiritadi;

hududda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga hamda kichik va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqadi;

hududning eksport salohiyatini yuksaltirish, kichik biznes sub’ektlari eksportiga ko‘maklashish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, kichik biznes sub’ektlarini eksport faoliyatiga jalb qilish yuzasidan chora-tadbirlar va takliflar ishlab chiqadi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;

hududdagi tadbirkorlik sub’ektlarining chet davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishiga hamda chet davlatlarda savdo uylari tashkil qilishiga ko‘maklashadi;

tadbirkorlikni rivojlantirishdagi, mahsulot eksporti borasidagi eng muhim muammolar bo‘yicha seminarlar va davra suhbatlarini muntazam o‘tkazish, shuningdek tadbirkorlikni va eksportni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi to‘g‘risidagi materiallarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yo‘li bilan tadbirkorlik sub’ektlari orasida axborot va tushuntirish ishlarini tashkil etadi.

Tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, eksportga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash guruhi to‘g‘risidagi Nizomga va viloyat hokimining qarorlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

27. Boshqaruv apparati tarkibiy bo‘linmasining rahbari (kotibiyat mudiri, guruh rahbari va boshqalar):

tarkibiy bo‘linmaga bevosita rahbarlik qiladi, bo‘linma xodimlari (mutaxassislari)ning ishlarini tashkil qiladi hamda bo‘linmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi yuzasidan shaxsan javob beradi;

kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqishda davlat siyosati prinsiplariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlaydi, ularning ekspert jihatidan ishlab chiqilishini tashkil qiladi va tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qo‘yadi. Tegishli hujjatlar qabul qilingandan keyin ularning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta’minlaydi;

tasdiqlangan tuzilmaga va shtatlar ro‘yxatiga muvofiq lavozimga tavsiya etilayotgan nomzodlar, mutaxassislarning kasbiy darajasini va ish malakasini oshirish, ularni rag‘batlantirish va ularga jazo choralari ko‘rish bo‘yicha takliflarni puxta ishlab chiqadi va kiritadi;

mutaxassislar o‘rtasida vazifalar taqsimotini, shuningdek bo‘linmaning oylik, yarim yillik ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi va tasdiqlashga kiritadi, mutaxassislarning ish rejalarini tasdiqlaydi;

viloyat hokimi yoki uning o‘rinbosari o‘tkazadigan yig‘ilishlarda, shu jumladan har haftalik apparat yig‘ilishlarida va komissiyalar majlislarida, shuningdek kotibiyatning ish yuritish sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan boshqa yig‘ilishlarda qatnashadi;

ish yuritishni belgilangan tartibda olib borishni ta’minlaydi.

 

28. Bosh mutaxassis (yetakchi mutaxassis, I toifali mutaxassis):

funksional vazifalarga muvofiq takliflar va hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishi, ishonchliligi va o‘z vaqtida tayyorlanishi hamda funksional vazifalarga muvofiq topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi yuzasidan nazoratning ta’minlanishi uchun shaxsan javob beradi;

tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular bo‘yicha tahliliy materiallarni va ekspert takliflarni tayyorlaydi, shuningdek ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur tarzda kelishilishini ta’minlaydi;

materiallar va hujjatlar loyihalari to‘g‘risida kotibiyat mudiriga, guruh rahbariga, shuningdek belgilangan tartibda hokimning o‘rinbosariga axborot beradi;

qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha nazorat rejasini yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va sohalari bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi va viloyat hokimining hujjatlari bajarilishini tahlil qiladi;

tegishli funksional masalalar va hujjatlar bo‘yicha tizimlashtirilgan ma’lumotlar bazasi shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilanishini tashkil etadi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tegishli hududiy bo‘linmalari, Termiz shahar va tumanlar hokimliklari apparatlarining tarkibiy bo‘linmalari (iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy xizmatlar) ishlarining holati va natijadorligini doimiy ravishda o‘rganadi, ular faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar kiritadi;

viloyat hokimi yoki uning o‘rinbosari tomonidan o‘tkaziladigan majlislarda, shu jumladan har haftalik apparat yig‘ilishlarida va o‘ziga biriktirilgan masalalar bo‘yicha har xil komissiyalar majlislarida belgilangan tartibda ishtirok etadi;

tegishli bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomga va funksional vazifalarga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.

29. Boshqaruv apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mutaxassislarining vazifalari va funksiyalari, tegishli tarkibiy bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomlarda va viloyat hokim tomonidan tasdiqlanadigan funksional vazifalarni taqsimlashda belgilanadi.

30. Boshqaruv apparatini saqlash va moddiy-texnika jihatdan ta’minlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yil dasturi
2021
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili

Voqealar

DuSeChPaJuShYa
Ro`yxatdan o`tish
Sayt haqida firingiz?

1 ta foydalanuvchi hozir saytda