Category Archive Prezident qarorlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori PQ 43-19 (14.05.2019)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Qayd etish lozimki, 2018/2019 o‘quv yilida ilk marotaba oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun test sinovlari ochiq maydonli binolarda o‘tkazildi.
Imtihonlarni oshkora va shaffof tarzda o‘tkazish maqsadida abituriyentlar binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari yordamida tekshirildi, test sinovlari kuzatuv kameralari yordamida nazorat qilindi. Ushbu jarayonlar abituriyentlarning ota-onalari uchun bevosita katta monitorlarda, Internet tarmog‘i va televideniye orqali to‘g‘ridan to‘g‘rinamoyish qilindi.
Shu bilan birga, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirgan holda, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek yoshlarning ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqini rag‘batlantirish maqsadida abituriyentlarning bir nechta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish lozim.
Mamlakatimizni yanada rivojlantirish uchun oldimizda turgan ustuvor vazifalarni professional darajada bajarishga qodir yoshlarni tarbiyalash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida, shuningdek 2017 ― 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda — Davlat test markazi), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin:
2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqini berish;
2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkazish;
2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo‘limga ajratib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fanni kiritish;
test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida to‘lov undirish;
abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasini test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilish.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat oliy ta’lim muassasalariga bakalavriatga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.
3. Davlat test markazi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
oliy ta’lim muassasalarining oshirilgan to‘lov-kontrakt tushumlari (5 foizgacha miqdorda);
Davlat test markazi tomonidan shartnoma bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar;
abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun undirilgan to‘lovlar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari hamda texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
4. Belgilansinki, Jamg‘armaning mablag‘lari foizdagi ulushi chegaralanmagan holda quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
Davlat test markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
Davlat test markazi xodimlarini, shu jumladan xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalarida o‘qitish, malakasini oshirish va stajirovka o‘tash;
Davlat test markazining fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlarga 30 foiz, fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga yoxud xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlarga oylik ish haqining 35 foizi miqdorida ustamalar to‘lab berish;
Davlat test markazi xodimlariga lavozim maoshining 200 foizigacha bo‘lgan miqdorda oylik ustamalar va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni amalga oshirish;
fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy ekspertlar va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni Davlat test markaziga ishlash uchun jalb etish;
test sinovlari jarayoniga jalb etilgan ishtirokchilarga (bino rahbari va guruh nazoratchilari) ish haqi to‘lash;
test sinovlari o‘tkaziladigan binolarning ijara to‘lovlarini amalga oshirish;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan Davlat test markazi faoliyati bilan bog‘liq boshqa chora-tadbirlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha, test sinovlari o‘tkaziladigan binolarni jihozlash uchun olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shaxsni identifikatsiyalash vositalari, video qayd qilish qurilmalari, barmoq izlarini tekshiruvchi, mobil aloqa to‘lqinini to‘suvchi vositalar, metall detektorlar hamda monitorlar) 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
mazkur qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Davlat test markazining xodimlarning cheklangan soni 186 nafardan iborat bo‘lgan yangilangan tuzilmasini tasdiqlash va uning faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarorini bir oy muddatda qabul qilsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy markazlarida Davlat test markazlari hududiy bo‘limlarini joylashtirish va kelgusida test sinovlarini yil davomida o‘tkazish maqsadida yengil konstruksiyali materiallardan katta sig‘imli bino va inshootlarni qurish bo‘yicha bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi PQ-3389-son “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
8. Davlat test markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 14-may,
PQ-4319-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PQ-4319-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi PQ-3389-son “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
ikkinchi xatboshisidagi “1-avgustdan 15-avgustgacha” so‘zlari “iyul-avgust oylarida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“abituriyentning test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasini test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilish;”.
2. 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
test materiallarini tayyorlash va test sinovlari natijalari o‘z vaqtida e’lon qilinishini ta’minlash maqsadida Davlat test markaziga zamonaviy moddiy-texnik vositalar va jihozlar xarid qilish uchun 2018-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin;
Davlat test markazining budjetdan tashqari mablag‘lari hamda oliy ta’lim muassasalarining oshirilgan to‘lov-kontrakt tushumlari (5 foizgacha miqdorda) hisobiga bir oy muddatda Davlat test markazi huzurida Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etsin”.

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 07/19/4319/3129-son)
Please follow and like us:
error

RSS
Follow by Email
Twitter
Visit Us
Telegram
VK
OK