fbpx

UNUTILMAS SIYMOGA EHTIROM

Mustaqil O’zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov Vatanimizning tarixida o’chmas iz qoldirgan unutilmas siymodir. 30 yanvar – Birinchi Prezidentimiz tavalludiga 82 yil to’lishi munosabati bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialida bu insonga ehtirom sifatida xotirlash marosimi o’tkazildi. Tadbirni filial direktori Bahodir Turaev boshlab, birinchi prezidentimiz nomi bilan atalayotgan bu dargohning har bir talabasi ta’lim va tarbiyani puxta egallab, o’z ustida tinimsiz ishlab, shu insonga munosib voris bo’lishi lozimligini ta’kidladi.
Filialning “Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar” kafedrasi assistenti Malika Meliqulova, Surxondaryo viloyati tarix va madaniyat muzeyi katta ilmiy xodimlari Jaloliddin Nurfayziev, Bobur Toshqobilov so’zga chiqib, Islom Karimovning kuchli davlat arbobi, jahonga tanilgan siyosatchi, millat yetakchisi sifatida amalga oshirgan ishlari haqida gapirib, misollar keltirishdi. Birinchi Prezidentimizning “O’zbekistondagi barcha yoshlar mening farzandim”, “Men avvalo yoshlarimizga ishonaman, barchangizni bag’rimga bosaman”, “Farzandlarimiz bizdan ko’ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo’lishlari shart” degan mashhur nutqlari videolavhalarda namoyish qilinib, tomosha qilgan har bir professor-o’qituvchi va talaba shu insonga munosib bo’lish lozimligini yana bir bor dilidan o’tkazdi.
Filial rahbariyati, professor-o’qituvchilar, talabalar tomonidan Islom Karimov surati poyiga gulchambarlar qo’yildi. Islom Karimov xotirasiga bag’ishlab filial talabalari va professor-o’qituvchilari o’rtasida o’tkazilgan insholar tanlovi, sport musobaqalari g’olib va sovrindorlari, faol va iqtidorli talabalar diplom va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandi. Tadbir “O’zbekiston 24”, “Surxondaryo” telekanallari tomonidan tasvirga olindi.

 

Please follow and like us:
RSS
Follow by Email
Share
Telegram
VK
OK