TALABALAR TURAR JOYLARI

 

Davlatov Shershod Abdurashidovich

Tel: +99894-261-84-22

email: Shershod83@mail.ru

 

 

Toshkent davlat texnika  universiteti Termiz filialining 

«Talabalar turar joyi» to‘g‘risidagi

  N I Z O M I

 

  1. UMUMIY QOIDALAR
  1. Ushbu «Nizom» Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 17 yanvardagi talaba-o‘quvchilar turar joyi faoliyatiga oid yangi taxrirdagi  ma’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi 11-sonli buyrug‘i ilovasida keltirilgan «Nizom»ga asoslanib ishlab chiqildi.
  2. Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali filialga uzoq shahar va tumanlardan kelib ta’lim olayotgan talabalarni vaqtincha yashash joyi bilan ta’minlash maqsadida «Talabalar turar joyi» tashkil etilgan.
  3. Talabalar turar joyi boshqaruvi – mazkur Nizom asosida filial rahbariyati tomonidan shakllantiriladi hamda o‘z faoliyati yo‘nalishiga, ish rejasi va dasturiga, maxsus muhriga, shtat birligiga ega, shu asosida talabalar uyining ma’muriy, xo‘jalik, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarini boshqaradi.
  4. Talabalar turar joyida talabalarning yashashi, o‘z ustida mustaqil ishlashi, dam olishi hamda sport, san’at va boshqa klublarda qatnashishi uchun sharoitlar yaratiladi.
  5. Talabalar turar joyining moddiy-texnik ta’minoti, uni kapital va joriy ta’mirlash, binodagi qattiq va yumshoq krovat, mebel, xona jihozlari (ko‘rpa-to‘shak, yopinchiqlar, sochiqlar va boshqalar), texnika vositalarini saqlash, ta’mirlash, hududni obodonlashtirish, tozaligini ta’minlash, kommunal-xo‘jalik xizmatlari (issiq va sovuq suv ta’minoti, kanalizatsiya, issiq suv quvurlarini ta’mirlash) va boshqa shart-sharoitlar filial tomonidan ta’minlanadi.
  6. Talabalar turar joyi olish uchun fakultet dekani yoki ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan muovini nomiga ariza yozadi va unga pasport nusxasini ilova qiladi. Mazkur ariza o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgach, talabalar turar joylariga joylashtirish bo‘yicha ma’naviy-ma’naviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari yoki “Ma’naviyat va ma’rifat” bo‘limi boshlig‘i, Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi ruxsati bilan berilgan order asosida amalga oshiriladi.
  7. Talabalar turar joylarida istiqomat qiluvchi talabalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ta’sis etilgan qoidalar asosida vaqtincha ro‘yxatga olinadilar. Ro‘yxatga olish ishlari Talabalar turar joyi binoboni va pasportist(ka) tomonidan amalga oshiriladi.
  8. Tarbiyaviy-madaniy, sport-sog‘lomlashtirish ishlari va talabalar turar joyida yashovchilarga maishiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish borasidagi umumiy rahbarlik filial direktori zimmasiga yuklatiladi.
  9. Talabalar turar joylariga filial ishchi-xizmatchilari, begonalar hamda talabalarning oila a’zolarini joylashtirish qat’iyan man etiladi.
  10. Talabalar turar joylarida yashash uchun to‘lov miqdori filial direktorining buyrug‘i hamda jamoat tashkilotlarining qo‘shma qarori va tavsiyasiga binoan belgilanadi.
II. TALABALAR TURAR JOYIDA YASHOVCHILARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
  1. 11. Talabalar turar joyida yashovchilarning huquqlari quyidagilardan iborat:

– o‘ziga ajratilgan xonada o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalarga rioya qilgan holda yashash;

– talabalar turar joyi binolaridagi madaniy-maishiy jihozlardan foydalanish;

– foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan jihoz, mebel va boshqa mulklarni ta’mirlash, yangilash hamda maishiy xizmatlardan foydalanishda yuzaga kelgan kamchiliklarni bartaraf etishni so‘rab rahbariyatga murojaat qilish;

– talabalar turar joylarida o‘tkaziladigan ommaviy madaniy, sport va tarbiyaviy tadbirlarda ishtirok etish;

– yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha ta’lim muassasasi ma’muriyatiga takliflar bilan chiqish;

– Talabalar kengashining a’zolarini saylash va unga saylanish;

– Talabalar kengashi orqali talabalar turar joyining maishiy ta’minotini takomillashtirish, tarbiyaviy ishlar va madaniy hordiqni tashkil etish, yashash xonalarini jihozlash bo‘yicha masalalarni hal etishda ishtirok etish.

12. Talabalar turar joyida yashovchilarga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:

  • ichki tartib-qoidalarga qat’iy amal qilish;
  • ma’muriyat bilan tuzilgan o‘zaro mas’uliyat to‘g‘risidagi shartnoma qoidalariga rioya qilish;

– navbatchilik jadvaliga binoan xonalarda, qavat va kirish joylarida navbatchilik qilish, dam olish joylarida namunali tozalikni ta’minlash;

– gaz va elektr asboblaridan unumli foydalanish va texnika xavfsizligi  qoidalariga rioya qilish;

– yashab turgan xona va umumiy foydalanish joylarini har doim saranjom tutish;

– xonadoshlar hamda talabalar turar joyida yashayotgan talabalar bilan samimiy va ahil munosabatda bo‘lish;

– qavat va seksiya sardorlari, talabalar kengashi raisi topshiriqlarini  bajarish;

– talabalar turar joyi va xonadagi mavjud hamma jihozlarni (shifoner, krovat, tumbochka, stol, stul va h.k.) namunali darajada tutish;

– talabalar turar joyi va xonadagi mebellarni, deraza va unga qo‘yilgan oynalarni sindirmaslik, eshik qulflarini talabalar turar joyi binobonining ruxsatisiz almashtirmaslik;

– umumiy foydalanish joylariga o‘rnatilgan yoritgichlar, elektr va gaz plitalarini ehtiyot qilish, yuvinish xonasi, oshxona, kompyuter xonasi, kutubxona hamda ma’naviyat va ma’rifat xonalari jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish;

– elektr va gaz plitalaridan tejab foydalanish,  qo‘lbola elektr isitgich asboblaridan foydalanmaslik;

– jadval bo‘yicha navbatchilik qilish, belgilangan muddatda qavatni hamda umumiy foydalanish joylarini (hojatxona, yuvinish xonalari, ovqat pishirish xonasi va boshqalar) tozalash, maishiy chiqindilarni maxsus belgilangan joylarga o‘z vaqtida chiqarib tashlash;

– talabalar turar joyida o‘tkaziladigan hashar, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida muntazam, faol qatnashish;

– talabalar turar joyidan uzoq muddatga ketishdan oldin (yozgi va qishki ta’tilga, dam olishga, amaliyotga) xonadagi jihozlar va xona kalitini talabalar turar joyi binoboniga topshirish;

– bitiruv malakaviy ishlarini tugallagandan so‘ng yoki filialdan chetlashtirish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan taqdirda xona va undagi jihozlarni bir hafta muddat ichida talabalar turar joyi binoboniga topshirish.

13. Talabalar turar joyida yashovchilarga quyidagilar man etiladi:

– talabalar turar joyi binobonining ruxsatisiz bir xonadan ikkinchi xonaga ko‘chib o‘tish;

– yashash xonasida kir yuvish;

– xonadagi anjomlarni boshqa xonaga ruxsatsiz ko‘chirish;

– xonadagi elektr tarmoqlarini o‘z xohishicha o‘zgartirish va qo‘shimcha yoritkich o‘rnatish;

– devorlarga turli rasmlar chizish, har xil qog‘ozlar yopishtirish;

– ovoz chiqaruvchi qurilmalar ovozini xona tashqarisidan yuqori eshitilishi, yuqori ovozda ashula aytish va musiqa asboblarini chalish;

– elektr isitgichlar va kerosindan foydalanib ishlaydigan asboblarni ishlatish;

– begona odamga tunab qolish uchun joy berish;

– spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni iste’mol qilish, saqlash, sotish taqiqlanadi.

14. Talabalar turar joyi hayotida faol ishtirok etayotgan, namunaviy xulqli talaba yoki o‘quvchilar quyidagi tartibda rag‘batlantiriladilar:

– minnatdorchilik bildiriladi;

– maqtov yorlig‘i;

– esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi;

– moddiy rag‘batlantiriladi.

15. Talabalar turar joyi ichki tartib-qoidalarini buzganlarga nisbatan quyidagi choralar qo‘llaniladi:

– ogohlantiriladi;

– talabaning ota-onasi bilan suhbat o‘tkaziladi;

– hayfsan e’lon qilinadi;

– talabalar uyidan chiqariladi;

– filial direktoriga talabalar safidan chiqarish bo‘yicha taklif kiritiladi;

– talabalar o‘z turar joylarida foydalanib kelayotgan mol-mulkka bevosita etkazilgan haqiqiy zararni, agar zarar uni bartaraf etish mumkin bo‘lmagan kuchlar, noreal xo‘jalik tavakkalchiligi oqibatida, oxirgi zarurat yoki zaruriy mudofaa natijasida kelib chiqqan bo‘lmasa to‘lashi shart.

III. FILIAL MA’MURIYATINING MAJBURIYATLARI 

  1. Filial Direktori, direktor o‘rinbosarilar, dekanlar va talabalar turar joyi binobonlari, talabalar turar joyi tozaligi, sanitariya holati, talabalar turar joyida yashovchilarning daxlsizligi va tarbiyaviy ishlar samaradorligi uchun mas’uldirlar.
  2. Filial ma’muriyatining majburiyatlari:

– talabalar turar joyida sanitariya va gigiena qoidalariga rioya etilishini ta’minlash;

– talabalar turar joyini tegishli choyshab, yostiq jildlari va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlash;

– talabalar turar joyida o‘tkaziladigan tadbirlar, madaniy-ommaviy ishlar hamda sport musobaqalarini o‘tkazishni ta’minlash;

– talabalar turar joyini joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish;

– talabalar turar joyida yashash sharoitlarini tegishli me’yorlar asosida jihozlar bilan ta’minlash;

– talabalar turar joyida faoliyat yurituvchi shaxslarni zaruriy ish o‘rinlari bilan ta’minlash;

– talabalar turar joyida yuzaga kelgan maishiy xizmat tizimidagi kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va qayta takrorlanmasligining oldini olishdan iborat.

  1. Filial ma’muriyati har bir talabalar turar joyiga alohida mas’ul etib, talabalar turar joylari binobonini tayinlaydi. 
  1. TALABALAR TURAR JOYI FAOLIYATINI VA BOSHQARUVINI TASHKIL ETISH
  1. Talabalar turar joyining o‘rnatilgan me’yoriy talablar asosida faoliyat yuritishi uchun shaxsan direktor mas’uldir.
  2. Talabalar turar joyida o‘quv zali, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, kompyuter xonasi, dam olish (ota-onalar) xonasi, gigiena xonasi, tarbiyachilar xonasi, oshxona, hojatxona, yuvinish xonasi va dush tashkil etilishi lozim.
  3. 21. Talabalar turar joyida filial kutubxonasining filiali tashkil etiladi va reja asosida o‘z faoliyatini olib boradi.
  4. 22. Talabalar turar joyidagi oshxonalar gaz yoki elektr plitalari, stol-stul, suv tarmog‘i, sanitariya jihozlari bilan ta’minlanishi hamda yong‘in xavfsizligi talablariga to‘liq javob berishi shart.
  5. 23. Talabalar turar joyidan foydalanish, me’yoriy—axloqiy tartiblarga rioya qilinishini ta’minlash, talabalarga qulay sharoitni yaratish maqsadida talabalar turar joyi Boshqaruvi tashkil etiladi. Boshqaruv tarkibi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar filial shtat birliklari doirasida shakllantiriladi. Namunaviy shtat birligida ko‘zda tutilmagan xodimlar jamoatchilik asosida ishga jalb etiladi. Uning tarkibi quyidagilardan iborat bo‘ladi:

– boshliq (mudir);

– xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudir muovini – (Boshliq o‘rinbosari);

– Talabalar Kengashi raisi (Boshliq o‘rinbosari);

– pedagog-tarbiyachilar va boshqalar.

  1. 24. Talabalar turar joyi Boshqaruvini tashkil etish, olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish mas’uliyati filial direktori zimmasiga yuklatiladi.
  2. 25. Talabalar turar joyi boshqaruvining shtatlar birligini ta’minlash, ish haqini belgilash, xodimlarni ishga jalb etish, ular tomonidan o‘z xizmat vazifalarining bajarilishini nazorat qilish, talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish va ijtimoiy himoya qilish hamda istiqomat qiluvchi talabalar o‘rtasida tashkiliy, xo‘jalik, huquqiy-tarbiyaviy ishlarni olib borish mas’uliyati tegishli direktor o‘rinbosarlar tomonidan amalga oshiriladi.
  3. 26. Talabalar turar joyi boshqaruvi tarkibidagi barcha xodimlar tegishli direktor o‘rinbosarlar tavsiyasiga binoan filial direktori tomonidan tayinlanadi. Boshqaruvning yillik ish rejasi Kengash tomonidan tasdiqlanadi va har yarim yilda o‘z faoliyati bo‘yicha Kengashga hisobot beradi.
  1. TALABALAR TURAR JOYI BOSHQARUVI RAISI (MUDIR)NING VAZIFALARI 
  1. Boshqaruv raisi (mudir) – talabalar turar joyi faoliyatini tashkil etishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy rahbarlikni olib boradi.
  2. Boshqaruv raisi (mudir) lavozimiga tayinlanadigan shaxs tajribali bo‘lishi shart.

Uning vazifalari quyidagilardan iborat:

– talabalar turar joyining faoliyatini tashkil etish dasturi va rejasini ishlab chiqadi;

– joriy yilda olib borgan faoliyati bo‘yicha har yarim yilda filial Kengashiga hisobot beradi;

– talabalar turar joyi boshqaruvidagi lavozimlarga shtat birliklari asosida xodimlar va ishchilarni tanlaydi, ishga qabul qilish va ishdan ozod etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini rahbariyatga rasmiylashtirish uchun taqdim etadi;

– talabalarni xonalarga joylashtiradi;

– sanitariya me’yorlarining bajarilishini ta’minlaydi;

– o‘rinlarni talaba va o‘quvchining jinsi, fakultetlar bo‘yicha taqsimotini belgilaydi, ular haqidagi umumiy ma’lumotlar banki, axborotlar, statistik jadvallarni tayyorlaydi, ushbu ma’lumotlar bilan filial rahbarlarini doimo xabardor etib turadi;

– talabalar turar joyining moddiy-texnik ta’minotini tahlil etadi, ehtiyoj va talablar asosida zarur materiallar, jihozlar uchun buyurtmalar beradi;

– talabalarning yashashi, dars tayyorlashi va dam olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;

– pasport tizimi, talabalar uyiga kirib-chiqish qoidalarining qat’iy bajarilishini ta’minlaydi;

– pedagog-tarbiyachilar faoliyatini tashkil etadi;

– doimiy navbatchilikning uzluksizligini ta’minlaydi;

– haftalik yig‘ilishlar, tadbirlarda ishtirok etadi, talabalar turar joyiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha huquq-tartibot organlari, tashkilotlar, muassasalar bilan hamkorlikda ish olib boradi;

– nazoratchilar guruhi faoliyatini tashkillashtiradi hamda «Mahalla posbonlari», «YOsh posbonlar» bilan hamkorlikda ishlashni ta’minlaydi;

– talabalar bo‘sh vaqtini foydali mehnat bilan to‘ldirishni amalga oshiradi. 

  1. XO‘JALIK ISHLARI BO‘YICHA MUDIRNING VAZIFALARI
  1. Xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudir faoliyatini bevosita boshqaruv raisi (mudir) yo‘naltiradi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
  2. Xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudir lavozimiga tayinlanadigan shaxs oliy ma’lumotli va kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.
  3. Uning vazifalari quyidagilardan iborat:

– talabalar turar joyi va uning hududidagi xo‘jalik ishlarini olib boradi;

– talabani zarur bo‘lgan qattiq va yumshoq mebellar, xona jihozlari, yuvinish vositalari bilan ta’minlaydi;

– mavjud xo‘jalik muammolari va kamchiliklarni boshqaruv raisi (mudir) bilan birgalikda bartaraf etadi;

– xonalarni, o‘quv xonasini zarur jihozlar va vositalar bilan ta’minlab turadi;

– talabalar turar joyi hududini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya ishlarini amalga oshiradi;

– talabalar turar joyining sovuq va issiq suv, gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlanishini nazorat qiladi, yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha tegishli tashkilotlari bilan bog‘lanadi, kamchiliklarni bartaraf etadi;

– xona jihozlari (choyshablar, yostiq jildi, ko‘rpa-to‘shak, sochiqlar)ni davriy ravishda almashtirilishini amalga oshiradi;

– tegishli hududdagi ekologiya, atrof-muhit tozaligi, daraxtlarni parvarishlash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib boradi;

– tegishli hududdagi elektr tarmoqlari, yoritgichlar ishlashini ta’minlaydi;

– xavfsizlik va yong‘in xavfsizligiga oid ishlarni amalga oshiradi;

– sanitar xonalar (gigiena xonasi, dush, hojatxona) faoliyatini nazorat  qiladi;

– xo‘jalik sohasida xizmat qiluvchi texnik xodimlar – farrosh, vaxtyor, elektrik, santexnik, bog‘bon va boshqalarning faoliyatini tashkil etadi, nazorat qiladi.

VII. JAMOATCHILIK ASOSIDA JALB ETILAYOTGAN PEDAGOG-TARBIYACHI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH

  1. Pedagog-tarbiyachi filial direktori buyrug‘i asosida talabalar turar joyi boshqaruviga jalb etiladi.
  2. Pedagog-tarbiyachi vazifasiga jalb etiladigan shaxs oliy pedagogik ma’lumotli va kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.
  3. Pedagog-tarbiyachi ma’naviy-axloqiy tarbiya samaradorligi uchun mas’uldir. Pedagog-tarbiyachilarning ish vaqti smena asosida tashkil etiladi.
  4. Pedagog-tarbiyachilarning ish rejasi va dasturini ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosar tasdiqlaydi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi, yo‘naltiradi hamda boshqaradi.
  5. Pedagog-tarbiyachilar o‘z faoliyatini «Talabalar turar joyi pedagog-tarbiyachilarining huquqiy maqomi va qoidalari» to‘g‘risidagi hujjat asosida amalga oshiradi.
  6. Pedagog-tarbiyachining vazifalari:

– talabalarning bo‘sh vaqtlarida talabalar ongi va qalbiga milliy istiqlol g‘oyasini singdirish bo‘yicha dolzarb ma’naviy, huquqiy, axloqiy mavzular bo‘yicha davra suhbatlari, treninglar va boshqa turli tadbirlarni tashkil etadi;

– talabalar uchun sport-sog‘lomlashtirish seksiyalari faoliyatini tashkil qiladi;

– sotsiologik-psixologik so‘rovlar o‘tkazadi;

– ijtimoiy-axloqiy muhitni nazorat qiladi;

– talabaning o‘zini-o‘zi boshqarish jarayonini tashkil etadi, ularning ishini muvofiqlashtiradi va boshqaradi;

– milliy, umumbashariy qadriyatlarni targ‘ib etadi;

– sport (futbol, basketbol, shaxmat, shashka, stol tennisi va boshqa) turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etadi;

– ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba va o‘quvchilarga moddiy yordamlar berish bo‘yicha rahbariyatga takliflar kiritadi.

 VIII. TALABALAR TURAR JOYIDA TALABALARNING O‘ZINI-O‘ZI BOSHQARUVINI TASHKIL ETISH

  1. Talabalar turar joyida talabalarning o‘zini-o‘zi boshqaruvini shakllantirish va amalga oshirish maqsadida «Talabalar Kengashi» tashkil etiladi.
  2. Kengash tarkibi umumiy ovoz berish orqali, talabalar tomonidan saylanadi. Talabalar boshqaruvi a’zolari «yaxshi» va «a’lo» baholarga o‘qiydigan, talabalar hayotini har tomonlama yaxshi biladigan, mustaqil fikrlovchi hamda jamoat ishlarida faol ishtirok etuvchi shaxslar bo‘lishi lozim.
  3. Talabalarning o‘zini-o‘zi boshqaruvi demokratik asoslarga quriladi. Kengashning faoliyatini yo‘naltirish, muvofiqlashtirish ishlarini pedagog tarbiyachilar amalga oshiradi.
  4. Kengash raisi bir yil muddatga saylanadi.
  5. Kengashning ish rejasi va dasturi kengash raisi tomonidan ishlab chiqilib, boshqaruv a’zolari, pedagog–tarbiyachilar bilan muhokama qilinadi hamda o‘rnatilgan tartibda direktor tomonidan tasdiqlanadi.
  6. Har bir bo‘linma va qavatda sardorlar saylanadi. Sardorlar yashovchilarning xona(seksiya)dagi mulkni, tozalik va tartib-intizomni saqlashini nazorat qiladi. Sardorlar Kengash qarorlariga asoslangan holda faoliyat olib boradi.
  7. Kengash o‘z faoliyatini «Talabalar kengashi» haqidagi Nizom asosida tashkil etadi va olib boradi.
  8. Quyidagi masalalar Kengash bilan kelishilgan holda hal etiladi:

– ma’muriyat tomonidan yashovchining bir xonadan ikkinchi xonaga ko‘chirilishi;

– yashovchilarni rag‘batlantirish yoki intizomiy choralar ko‘rish.

IX. TALABALAR TURAR JOYLARIDA TARBIYAVIY ISHLAR

  1. 45. Talabalar turar joyida tarbiyaviy ishlar filial faoliyatining ustuvor tarkibiy qismi sanalib, filial direktori rahbarligida tegishli bo‘limlar, jamoat tashkilotlari hamkorligida amalga oshiriladi.
  2. 46. Talabalar turar joyida tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda shaxsan ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosar mas’ul sanaladi. U talabalar turar joyi ma’muriyati, dekanatlar, kafedralar hamda professor-o‘kituvchilar tarkibi, Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi va YOshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti bilan hamkorlikda tarbiyaviy ishlarni boshqaradi.
  3. 47. Talabalar turar joyida amalga oshiriladigan tarbiyaviy ishlar filialning maxsus ishlab chiqilgan rejasi asosida turli davlat va jamoat tashkilotlarini jalb qilgan holda olib boriladi.

Talabalar turar joylarida badiiy va texnik ijodiy havaskor to‘garaklar, sport va turistik seksiyalar hamda qiziqishlar bo‘yicha klublar, shuningdek, fan, san’at, adabiyot namoyandalari bilan uchrashuvlar, disputlar, tematik kechalar va bayram tadbirlari tashkil etiladi.

X. TALABALAR TURAR JOYIDA YASHOVCHILARGA KO‘RSATILADIGAN XIZMATLAR

  1. 48. Talabalar turar joyida vaqtincha foydalanilmay turgan xonalarda o‘rnatilgan tartibda turli xil (pullik) xizmatlari tashkil etilishi mumkin.
  2. 49. Talabalar turar joyida quyidagi xonalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi:

– ma’naviyat va ma’rifat xonasi;

– o‘quv va dars tayyorlash xonasi;

– kutubxona;

– kompyuter xonasi;

– dam olish xonasi (ota-onalar xonasi);

– gigiena xonasi;

– yuvinish xonasi;

– buyumlarni saqlash xonasi;

– oshxona;

– sport zali va boshqalar.

XI. TALABALAR TURAR JOYLARI HOLATINI NAZORAT QILISH

  1. 50. Talabalar turar joylari holati filial rahbariyati va jamoat tashkilotlari tomonidan maxsus reja asosida o‘rganib boriladi hamda uning natijalari Kengashlarda muhokama etiladi.
  2. 51. Talabalar turar joylari faoliyati filialning tegishli direktor o‘rinbosarlari tomonidan doimiy nazorat etib boriladi va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish yuzasidan direktorga takliflar kiritadi.
  3. 52. Har bir talabalar turar joyida bildirilgan mulohaza va fikrlarini yozish uchun qaydnoma daftari (1 nusxa, muhrlangan) bo‘lishi lozim.
  4. 53. Talabalar turar joylarida «Adolat qutisi» tashkil etiladi va yashovchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar har haftada bir marta o‘rganilib, muhokama qilinadi hamda tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Talabalar turar joyiga kirish-chiqish tartibi

  1. Talabalar turar joyiga kirish va chiqish talabalik guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.
  2. Talabalar turar joyiga kirish yoki chiqishda ruxsatnoma talabalik guvohnomasi bilan birgalikda navbatchi eshikbonga hamda navbatchi-talabaga ko‘rsatilishi shart.
  3. Talabalar turar joyida yashovchi talabalarga yozgi vaqtda kech soat 20.00 va qishki vaqtda kech soat 19.00 gacha talabalar uyiga kirishga ruxsat beriladi. Darsdan bo‘sh vaqtlarda turli tashkilotlarda ishlaydigan talabalarning ro‘yxati talabalar turar joyi boshqaruvi tomonidan tuziladi va tasdiqlab qo‘yiladi.
  4. Talabalar turar joyiga kelgan mehmonlar, ota-onalar, qarindoshlar, do‘stlar va boshqa talabalarning kirish-chiqishiga faqat boshqaruv raisi yoki pedagog-tarbiyachi ruxsat berishi mumkin.
  5. CHetdan kelganlar haqidagi ma’lumotlar (kelish va ketish vaqti, pasport nomeri, xona raqami ko‘rsatilgan holda) qaydnoma daftariga yozib qo‘yiladi va ularning yotoqxonadan soat 20.00 gacha chiqib ketishi qat’iy nazorat ostida bo‘lishi shart.
  6. Talabalar turar joyi ichki tartib-qoidalarini, kirish-chiqish qoidasini buzgan talabalar ogohlantiriladi hamda rasmiy qayd etiladi, agar bu holat yana qaytarilsa u talabalar turar joyida yashash huquqidan mahrum etiladi.
  7. Talabalar turar joyi eshikboni, xodimlar va yashovchilar atrofda shubhali kishilar va buyumlarni ko‘rib yoki sezib qolganlarida zudlik bilan militsiya tayanch punktiga xabar berishlari lozim.
  8. Talabalar turar joyi eshikboni tashqi va ichki telefon tarmog‘i bilan ta’minlanishi shart. Uning stolida tez yordam, militsiya, yong‘in xavfsizligi, direktor, direktor o‘rinbosarlar, fakultetlarning dekanlari, elektr, gaz tarmoqlarining telefon raqamlari hamda talabalar uyi boshqaruvi raisining ish va uy telefon raqamlari bo‘lishi shart.

Talabalar turar joylarida yashovchilar amal qiladigan ichki tartib-qoidalar

  1. Talabalarning talabalar turar joylariga joylashishi order orqali amalga oshiriladi, order ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosar, Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi ruxsati bilan beriladi.
  2. Talabalar yashash davrida zarurat tug‘ilsa, belgilangan tartibda talabalar turar joyining bir xonasidan ikkinchi xonasiga yoki bir talabalar turar joyidan boshqa talabalar turar joylariga ko‘chib o‘tishi mumkin.
  3. Talabalar turar joyida yashovchilar shaxsiy mulkdan foydalanishi maxsus qayd etish qog‘ozi orqali amalga oshiriladi va ularni ehtiyotlash foydalanishga olgan shaxs zimmasiga yuklatiladi.
  4. Talabalar navbatchilik jadvaliga binoan xonalarda, qavat va kirish joylariga navbatchilik qiladilar, dam olish joylarida namunali tozalikni ta’minlaydilar.
  5. Gaz va elektr asboblaridan foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qiladilar.
  6. Talabalar turar joyidan uzoq muddatga ketayotib (dam olishga, amaliyotga) talabalar uyi ma’muriyatini ikki kun oldin yozma ravishda ogohlantirib qo‘yishlari kerak.
  7. Kundalik ehtiyojga ega bo‘lmagan katta hajmdagi shaxsiy va qimmatbaho buyumlarni talabalar turar joyining buyumlar saqlash xonasiga topshirishlari kerak. Buyum saqlash xonasiga topshirilmagan buyumlar uchun talabalar turar joyi ma’muriyati javobgar bo‘lmaydi.
  8. Talaba yashab turgan xonasi va boshqa umumiy foydalanish joylarini har doim toza va tartibli tutishi lozim.
  9. Hamxonalar va talabalar turar joyida yashovchilar bilan doimo samimiy, ahil munosabatda bo‘lish kerak.
  10. Talabalardan turar joyi va xonadagi mavjud hamma jihozlarni (shifoner, krovat, tumbochka, stol, stul va h.k.) namunali darajada tutish talab etiladi.
  11. Umumiy foydalanish joylariga o‘rnatilgan yoritgichlar, elektr va gaz plitalarini buzmaslik, yuvinish xonasi, oshxona, kutubxona, kompyuter xonasi hamda ma’naviyat va ma’rifat xonalaridan to‘g‘ri foydalanish lozim.
  12. Elektr va gaz plitalaridan to‘g‘ri hamda tejamli foydalanish, qo‘lbola elektr isitgich asboblaridan mutlaqo foydalanmaslik lozim.
  13. Talabalar turar joyida o‘tkaziladigan hasharlarda, tevarak-atroflarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida muntazam ravishda qatnashishlari lozim.
  14. O‘qishni bitirgan talabalar ikki hafta ichida yashab turgan xonalarini bo‘shatishlari kerak.   

Toshkent davlat texnika  universiteti Termiz filiali

Talabalar turar joylarida faoliyat ko‘rsatadigan

«Talabalar kengashi» haqida

N I Z O M

  1. UMUMIY QOIDALAR

Talabalar kengashi Talabalar turar joylarida yashovchi talabalar tomonidan saylanadigan yoshlarning o‘zini-o‘zi boshqarishga qaratilgan talaba- lar uyushmasi hisoblanadi.

Talabalar kengashi a’zolari talabalar turar joyida yashaydigan, yaxshi va a’lo baholarga o‘qiydigan, jamoat ishlarida faol ishtirok etuvchi, talabalar hayotini har tomonlama yaxshi biladigan hamda bu sohada mustaqil fikr yurita oladigan, talabalar manfaatini himoya qilish salohiyatiga ega bo‘lgan faollar safidan demokratik asoslarda saylanadi.

  1. TALABALAR KENGASHINING ASOSIY VAZIFALARI

Talabalar kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

– Talabalar turar joyida talabalarning yashash va o‘qish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, madaniy dam olishi, bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil etish, darsdan bo‘sh vaqtlarida ishlab o‘z                  iqtisodiy sharoitini yaxshilashni istovchi talabalar uchun imkoniyatlar yaratishni tashkil etadi;

– o‘quv yili davomida talabalar turar joylarida uchrashuvlar, badiiy kechalar va talabalarning hayotiy faoliyatiga oid turli tadbirlar o‘tkazishni ta’minlaydi;

– Talabalar turar joyida filial direktori tomonidan tasdiqlangan normativ qoidalarga rioya qilish, tartib-intizom, ozodalikni yo‘lga qo‘yishni ta’minlaydi va filial Nizomi qoidalarini buzuvchi                   talabalarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanishini yo‘lga qo‘yadi;

– talabalar turar joylarida tozalik, obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun hasharlar uyushtiradi;

– talabalar turar joylariaro sog‘lomlashtirish va chiniqtirishga qaratilgan ommaviy sport tadbirlarini tashkil etadi;

– talabalar turar joyi faoliyatidagi muammolarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borishga erishadi;

– boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joylari bilan hamkorlik o‘rnatadi;

– talabalar turar joylari hududida bayramlarning shodiyona tarzda o‘tkazilishi bo‘yicha tashkilotchilik ishlarini olib boradi;

– «YOsh posbonlar» hamda talabalar turar joylari joylashgan mahalla bilan hamkorlikda ishlashga, mahalla posbonlari ishining muntazam va samarali ishlashiga ko‘maklashadi.

 III. TALABALAR KENGASHINING TASHKILIY TUZILISHI

  1. Talabalar kengashining ishi o‘zini-o‘zi boshqarish asosida barcha yo‘nalish bosqichlarida demokratik tamoyillar asosida tashkil etiladi.
  2. Talabalar kengashi faoliyatini kengash a’zolari tomonidan bir yil muddatga saylangan rais boshqaradi.
  3. Talabalar kengashi raisining faoliyat ko‘rsatish maqomi ushbu Nizom asosida belgilanadi va talabalar turar joyi Binoboni o‘rinbosari hisoblanib, belgilangan tartibda maosh bilan ta’minlanadi.

Kengash yig‘ilishi bir oyda kamida bir marta o‘tkaziladi, zarur hollarda navbatdan tashqari kengash yig‘ilishlari Rais tomonidan chaqiriladi.

Kengash quyidagi masalalar doirasida faoliyat olib boradi:

  1. a) Talabalar kengashi va fakultetlar talabalar kengashlarining faoliyatlarini yorituvchi hisobotlar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
  2. b) Talabalar kengashining Nizomiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish;
  3. v) Talabalar kengashining navbatdagi vazifalari va ish rejalarini belgilash;
  4. g) Talabalar kengashi raisi faoliyatining vazifalari va huquqiy normativ asoslarini belgilash, qo‘shimchalar kiritish, zarur bo‘lgan hollarda uni muddatidan oldin saylash, o‘zgartirishlarni muhokama etish va qarorlar qabul qilish;
  5. d) Talabalar kasaba uyushmasi, «YOshlar ittifoqi» boshlang‘ich tashkilotiti va fakultetlar talabalar kengashlari qarorlari asosida, zarur bo‘lgan holatlarda kengash a’zolarini a’zolikdan chiqarish, tavsiya etilgan nomzodlarni a’zolikka saylash;
  6. e) Talabalar kengashi mazkur Nizom asosida filial direktori tomonidan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlar, ichki tartib – qoidalarga hamda ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari, «Kamolot» YOIH Nizomlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda mavjud muammolarni o‘rganadi.

Kengash tarkibida quyidagi bo‘limlar tashkil etiladi:

– ma’naviy – ma’rifiy ishlar bo‘limi;

– tashkiliy – ommaviy ishlar bo‘limi;

– maishiy – tozalik ishlari bo‘limi;

– sport – sog‘lomlashtirish bo‘limi;

– qizlar bo‘limi;

  1. TALABALAR KENGASHI A’ZOLARINING HUQUQ VA BURCHLARI

– Kengashning barcha yig‘ilishlarida hal qiluvchi ovozga ega bo‘lish;

– filial Kengashining talabalar hayotiga oid majlislarida vakolatga ega bo‘lish;

– filial hududida joylashgan umumiy ovqatlanish muassasalarining faoliyatini o‘rganish va takliflar kiritish;

– filial hududining tozaligi va sanitar holati talab darajasida bo‘lishini ta’minlash;

– talabalar turar joylari hududida tartib-intizomni ta’minlashda militsiya tayanch punkti bilan hamkorlikda ish olib borish;

– talabalar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy, ahloqiy-tarbiyaviy mavzularda, O‘zbekiston qahramonlari, deputatlar, hokimliklar, prokuratura, sud, tuman va shahar ichki ishlar xodimlari, fan xodimlari ishtirokida davra suhbatlari, badiiy kechalar tashkil etish;

– turli yuqumli kasalliklar, giyohvandlik, ichkilikbozlik va fohishabozlik kabi inson hayoti uchun xavfli, ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hodisalar, illatlarga qarshi talabalar o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish;

– talabalarning fan, adabiyot, san’at va kasb-hunar sohalardagi ijodiy iste’dodlarini namoyish etishlariga hamda tadbirkorlik ishlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar kiritish.

Talabalar kengashining ushbu Nizomiga ish jarayonida to‘plangan tajriba, muammolar, istak va takliflardan kelib chiqib, qo‘shimcha hamda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

RSS
Follow by Email
Twitter
Visit Us
LINKEDIN